
“Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi har doimgidek yoshlar bilan gavjum. O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va Mudofaa universitetining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va harbiy aloqa instituti hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi hamda vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir vatanparvarlik ruhida o‘tkazildi. “Milliy armiya – Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu tadbirda Mudofaa vazirligi mas’ul ofiserlari, harbiy jurnalistlar va shoirlar, Zangiota tumanida joylashgan 13-hamda 19-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari, “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatiga a’zo yoshlar ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari yurtimizda Qurolli Kuchlar tashkil etilganidan buyon olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida erishilayotgan yutuqlar va amaldagi ishlar xususida so‘z yuritdi. Shoir va yozuvchilar tomonidan vatanni madh etuvchi she’rlar va hikoyalar taqdim etildi. Yoshlarimiz qalbida g‘urur va iftixor tuyg‘ularining yanada jo‘sh urishiga, shuningdek, qiziqarli onlarni hadya etgan tadbirda tarix va bugun bilan bog‘liq savol-javoblar ham tashkil etildi. Faol ishtirok etgan ertamiz egalariga kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi. Tadbir so‘ngida o‘quvchi-yoshlar “Shon-sharaf” davlat muzeyiga sayohat qilib, ajdodlarimizning bosib o‘tgan hayot yo‘li, tinchlikni asrashda ko‘rsatgan jasoratlarini o‘zida aks etgan eksponatlar bilan tanishdilar. Shundan so‘ng, “Millat fidoiylari” xiyobonidagi Mustaqillik yillarida vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlash yo‘lida halok bo‘lgan jasur o‘g‘lonlarni yod etib, yodgorliklar poyiga gul qo‘yib xotirlandi. Bu kabi tadbirlar davom etmoqda.