

Tadbir davomida mazkur yodgorlik majmuasi tarix va bugunni bog‘lab turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prik ekani, shuningdek, buyuk va qahramon ajdodlarimizning yorqin xotirasini abadiylashtirish yo‘lida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar alohida ta’kidlandi. Shu yillar mobaynida yaratilgan ilmiy-tarixiy asarlar va chop etilgan kitoblarning ahamiyati tadbirda yana bir bor o‘z isbotini topdi.
Ikki qismdan iborat bo‘lgan tadbirning birinchi qismida bir qator muhim kitoblarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Jumladan, mustaqillik davrida Vatan sarhadlarini qo‘riqlash yo‘lida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasiga bag‘ishlangan “Millat fidoiylari” kitobi, shuningdek “O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi” kitob-albomining 1- va 2-jildlari, “Urushning ma’lum va noma’lum sahifalari”, “So‘hlik jangchilar Ikkinchi jahon urushi davrida”, “Ikkinchi jahon urushi: yangi tadqiqotlar va tarixiy ma’lumotlar” nomli kitoblar jamoatchilikka taqdim etildi.
Mazkur nashrlardan o‘rin olgan maqolalar va to‘plangan tarixiy ma’lumotlar soha mutaxassislari tomonidan atroflicha sharhlab berildi. Tadbirning navbatdagi qismida “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi tashkil etilganiga 5 yil to‘lishi munosabati bilan ta’sis etilgan esdalik yubiley medallari hamda kitoblar majmuani barpo etishda faol ishtirok etgan harbiy xizmatchilar, tarixchi olimlar, rassom va haykaltaroshlar, shuningdek, ayni paytda ushbu maskanda fidokorona mehnat qilib kelayotgan Qurolli Kuchlar ishchi va xizmatchilariga tantanali ravishda topshirildi.
Yurtimizda tarixga hurmat, ajdodlarimiz qoldirgan ibratli yo‘ldan o‘rnak olgan holda yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan islohotlar o‘zining amaliy natijasini bermoqda. Bu esa o‘tmishi ulug‘, kelajagi porloq yurtning barqaror taraqqiyoti, milliy qadriyatlar va tarixga bo‘lgan chuqur ehtirom, shuningdek, ertangi kunga bo‘lgan ishonch va mas’uliyatning yaqqol ifodasidir.
Tadbir barcha ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.








